Rossiya harbiy doktrinasida AQShni bosh dushman deb belgilash taklif etildi

Harbiy doktrinasining yangi versiyasida Rossiya o‘zining asosiy dushmanini aniqlashtirib olishi, shuningdek Rossiya yadroviy betaraflik kuchlari tomonidan ogohlantiruvchi zarba berilishi uchun shartlarni aniq belgilab olishi kerak. Bu haqda Rossiya mudofaa vazirligining bosh inspektorlar boshqarmasi koordinatori armiya generali Yuriy Yakubovga tayanib, Interfax xabar berdi.

“Mamlakat uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu hujjatda Rossiyaning ehtimoliy dushmani aniq qilib ifodalanishi kerak, bu 2010-yilgi harbiy doktrinaga kiritilmagan. Mening fikrimcha, bizning asosiy raqiblarimiz AQSh va Shimoliy Atlantika blokidir”, — dedi general.

Uning eslatishicha, bir necha yillar avval AQSh va NATO rahbariyati Shimoliy Atlantika bloki va G‘arb Rossiyaning dushmani emasligini ta’kidlagan. Biroq ayni paytda, general fikricha, Rossiyaga qarshi “haqiqiy axborot urushi olib borilib, u ataylab G‘arb dushmani sifatida ko‘rsatilmoqda”.

“Asosiysi esa — bizning chegaralarimizga AQSh va NATO bazalari yaqinlashib kelmoqda. Bunday global o‘zgarishlar harbiy doktrinaga kiritilishi kerak, deb o‘ylayman”, — dedi Yakubov.

Nashrning eslatishicha, yaqinda Rossiya Ukrainadagi voqealar, NATOning sharqda yangi bazalar ochishi, AQShning Yevropaga raketaga qarshi mudofaa joylashtirish rejalari tufayli yil oxirigacha harbiy doktrinaga aniqlik kiritishi ma’lum bo‘lgan edi.

General so‘zlariga ko‘ra, yangi hujjatda Harbiy koinot mudofaasi qo‘shinlari tuzilgani, Harbiy desant qo‘shinlari asosida Tez javob qilish kuchlari shakllantirilgani, shuningdek Davlat mudofaasini boshqarish milliy markazi yaratilgani va boshqalar aks etishi lozim.

Rossiya harbiy doktrinasining amaldagi versiyasi 2010-yil 5-fevralda qabul qilingan. Unda Rossiya Federatsiyasi unga yoki uning ittifoqdoshlariga qarshi yadro va boshqa ommaviy qirg‘in qurollari qo‘llanilsa, yoki oddiy qurol qo‘llagan holda yirik ko‘lamdagi tajovuz amalga oshirilsa, va bunda Rossiya davlati xavf ostiga qo‘yilsa, yadro quroli qo‘llash huquqini o‘zida saqlab qolishi ko‘zda tutilgan.

manba: UzClub.Net

Категория: Maqolalar | Добавил: Qahramon (04-Сен-2014)
Просмотров: 925 | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]