Karimabegim. Nomalardagi nolalar (hikoya)
1-maktub


 Men yoshligimdan sevgi, muhabbat deb atalgan tuyg‘ularga uncha e’tibor bermay katta bo‘lganman. Oilamiz ziyolilar oilasi bo‘lganligi sababli, garchi bu borada to‘sqinlik bo‘lmasa-da, bitta temir qonun bor edi: "Kelajak – faqat bilim olishda".
 Maktabni akam va opalarim singari oltin medal bilan bitirdim. Oliy o‘quv yurtiga sirtdan o‘qishga kirib, tuman markazidagi kutubxonada ishlay boshladim. Ko‘p vaqtim darslarga tayyorgarlik, kutubxonaga kelgan mijozlar bilan suhbatlashish, turli tadbirlar o‘tkazishga sarf bo‘lardi. Ammo yoshlik ekan, kimnidir sevib qolishni, xuddi hind kinofilmlari yoxud ertaklardagi qizlardek o‘sha sevgim, sevganim uchun jon fido etishni, chinakam ma’shuqa bo‘lishni orzu qilardim.
 Yillar o‘tib, yoshim ulg‘ayib borardi-yu, bu tuyg‘u dilimga yaqin kelmasdi. To‘g‘ri, yigitlar meni sevishar, yo‘llarimni to‘sib sevgi izhor qilishar, uyimga sovchilar yuborishar edi. Mening ko‘nglimga qaragan ota-onam sovchilarga o‘zi biladi, degan javobni berib kelishardi. Men esa hech kimga ro‘yxushlik bermasdim. Yashirmayman, ba’zan kimnidir yoqtirib qolgandek bo‘lardim. Uni o‘ylashga, ishqida yonishga harakat qilardim. Ammo kunlar o‘tib, u odamning siymosi, o‘zimni qanchalik zo‘rlamay, xiralasha-xiralasha o‘char, dilim bo‘lsa yana bo‘m-bo‘sh bo‘lib qolaverardi. Shunday paytlarda: "Men sevishga qodir emasman, bu tuyg‘u pokiza qalblargagina nasib etadi. Demak, mening dilim pokiza emas ekan-da", – deya afsuslanardim.
 Nihoyat mendan keyingi singlimga ham sovchilar kela boshlagani sababli ota-onam opalarim orqali meni qistashga kirishdilar. Men noiloj ularga ma’qul tushgan sovchilarga qarashli yigit bilan bir-ikki bor ko‘rishdim. Bir-birimizni yoqtirgandek bo‘ldik. Orada to‘y ham bo‘lib o‘tdi. Birovdan yaxshi, birovdan yomon yashab, bir qiz, ikki o‘g‘illi bo‘ldik. Er-xotin bir-birimizni yomon ko‘rmasak-da, sevmasdik ham. U ham ota-onalari ra’yi bilan uylangan, shu sababli yaxshi er, yaxshi oila boshlig‘i edi-yu, oramizni bog‘lab turuvchi o‘tkir tuyg‘u yo‘q edi.
 Men ham oila, ro‘zg‘or, er, bolalar tashvishlariga o‘raldim. Muhabbat haqida esa o‘ylamay ham qo‘ydim. Hatto qizlik vaqtimdagi orzularim kulgili tuyuladigan ham bo‘ldi. “Sevgi haqidagi gaplar to‘qima ekan. Ularni birorta menga o‘xshagan xayolparast topgan-u, odamlar ishongan-da", – deb fikrlaydigan bo‘ldim. 
 Lekin... Ha, turmush qurganimizga o‘n besh yillar bo‘lib qolgan edi, chamasi. Men institutni bitirib, kutubxonadagi ishimni hamon davom ettirardim. Ko‘pdan buyon bu yerda ishlayotganim bois, tumanda ko‘zga ko‘rinib qoldim. Shu sababli ayrim katta tadbirlarni boshqarishni menga ishonib topshiradigan bo‘lib qolishdi.
 O’sha kuni ham... O’sha kuni ham Farg‘onadan katta-katta shoirlar kelishgan, men esa davrani boshqarar edim. Navbatdagi ijodkorga so‘z berish uchun mikrofon yoniga keldim, tomoshabinlarga bir nigoh tashladimu... ko‘zim ikki qop-qora qosh ostida alangadek yonib turgan bir juft otashga tushdi. Hushim og‘ib, qo‘limdagi qog‘ozlar yerga tushib, sochilib ketdi. Asta egilib, titroq qo‘llarim bilan qog‘ozlarni bir amallab yig‘ishtirib oldim-u, qaddimni rostlamoqchi bo‘ldim. Ammo endi boshim mikrofonga urilib, uni yerga tushirib yubordim. Gumburlagan ovoz dunyoni tutgandek bo‘ldi. Bir amallab gapimni tugatib, sahnadan tushib ketdim. Yuragim gursillab urar, chanqagan odamdek tomog‘im qaqrab ketgandi... Beixtiyor parda chetidan o‘sha ko‘zlar egasi o‘tirgan joyga astagina mo‘raladim. Nazarimda go‘yo u ham betoqat bo‘layotgandek bo‘lishi kerakdek edi. Lekin, afsuski, u yonidagi odamga nimanidir beparvogina gapirib o‘tirardi.
 Kutilmagan qilig‘im, o‘ylagan o‘yimdan o‘zim uyalib ketdim. Men qanaqa uyatsiz xotinman o‘zi? Erim, bolalarim bor. U odamning ham oilasi bordir.
 Boshim tinimsiz g‘uvillardi. Mazam qochayotganini bahona qilib uyga ketdim. Bu yerdan jilsam o‘zimga kelarman deb umid qilardim. Lekin kechasi bilan to‘lg‘anib chiqdim. Kunlar, oylar o‘tib borar, kechalari uyqusizlik, kunduzlari xayoli parishonlik, yuragim yonishi qolmas, aksincha, tobora kuchayib borardi.
 Ko‘zlarimni yumsam ham, ochsam ham qop-qora qoshlar ostidagi alangaga to‘la ko‘zlar jonimni olardi. U kim o‘zi? Qanaqa odam? Qaerlik? 
 Bu savollar javobsiz edi. Yo‘llarda ham uni izlayman. Devonadek ko‘chalarni bemaqsad kezaman. Bilmadim, uni topsam nima deyman? Buni hatto o‘ylab ham ko‘rmayman. Faqatgina bir ko‘rsam degan ilinj, o‘sha ko‘zlarga bir bor termilish istagi meni o‘tdan olib o‘tga soladi. Hayronman, jonimni kuydirgan qoshlarmi, ko‘zlarmi? Bu nima o‘zi? Bu qanday tuyg‘u bo‘ldi? Sevgimi? Yo‘g‘-ey, shu yoshda-ya? O’ttizdan oshib, qirq yoshga yaqinlashganda-ya? Uyat-ku? Bo‘lmasa bu nima? Nega u meni yondiradi? Nega tinch qo‘ymaydi?
 Men sevib qoldim.
 

2-maktub


 Ha, men sevib qoldim. Endi bunga shubha qolmadi. Bu – aniq. Mana, bir yildan o‘tdi hamki, men na rohat, na azobligini aniqlab bo‘lmaydigan g‘alati, men uchun notanish bo‘lgan bir hisni boshimdan o‘tkazyapman. Devonaga o‘xshayman. O’zimni bosishga qancha urinmay, yurak o‘z qafasiga sig‘maydi. Sevgi qo‘shiqlari jonimni larzaga soladi. Muhabbat haqidagi satrlarni entikib o‘qiyman. Shunday paytlarda ko‘z o‘ngimda o‘sha kuni ko‘rganim – qoshu ko‘zlar paydo bo‘ladi. Bu sevgi bo‘lmay nima? Ha, bu – sevgi. Uyatu nomus bilan yo‘g‘rilgan sevgi! Axir, o‘zim turib, birovga tegishli baxtga ko‘z tikdim. Yo‘q, ko‘z tikkanim yo‘q, o‘zim xohlamagan holda sevib qoldim. Nima? Men aybdormanmi? Axir men shunday bo‘lishini istaganim yo‘q-ku!
 Endi yo‘llarda ham uni izlayman. Yo‘q, hech qaerda ko‘rinmaydi. Tavba. U odammidi yoki ro‘yo, ehtimol, shaytondir? Meni yo‘ldan urib gunohkor qilish uchun aqlimni olgandir. Nima bo‘lsa bo‘ldi, men sevib qoldim.
 Aybim nima?
 

3-maktub


 Mana, yillarni quvib yillar o‘tib ketyapti. Olti yil bo‘ldi. Azoblarga, afsuslarga to‘la olti yil... Bu orada farzandlar ulg‘aydi. Hamisha bo‘yi bo‘yimga tenglashib qolgan qizim, ovozi do‘rillab qolgan o‘g‘limga ko‘zim tushganda, turmush o‘rtog‘im bilan so‘zlashganda aybdorlik hissini tuyishdan ezilib, charchab ketdim. Bolalarim g‘alatiroq qarab qolishsa yuragim shuv etadi. Turmush o‘rtog‘im sal tovushini ko‘tarsa, sovuq terga tushib ketaman. Tavba, nega axir? Men nima gunoh qildim?
 Bu orada yostiqdoshim og‘ir betoblanib, yotib qoldi. Oila yuki yolg‘iz yelkamga tushdi. Shifoxonama-shifoxona yugurish, farzandlar kamu ko‘stini butlash, ishxona tashvishlari anchayin qiynab yubordi. Uzundan-uzun zerikarli kechalarda bedoru xunob holda yig‘lab chiqaman. 
 Vrachlar muolajasi, yugurib-elishlarim samarasiz ketdi. Umr yo‘ldoshim vafot etdi. Lekin barcha azoblarim oldinda ekan. Endi kechalari u menga termulib turgandek, "Hammasiga sen aybdorsan!" – deya zorlanayotgandek tuyular edi. Bir azobim o‘n azobga aylandi.
 Ey, xudo! Peshonam shunchalar sho‘rmi? Men gunoh qilmadim-ku! Xiyonat ko‘chasiga kirish nari tursin, hatto unga nazar ham tashlamadim-ku!
 Dilimga o‘zing otash solding, buning evaziga nechun endi buncha qiynaysan? Gunohim nima? Aybim nima? 
 Men sizni yana ko‘rdim.
 

4-maktub


 Azizim, bugun sizni yana ko‘rdim. Endi ko‘rishdan butunlay umid uzgan, ko‘zimga ko‘ringan shunchaki bir xayol, degan qarorga kelgan bir paytimda...
 Oradan sakkiz yildan ortiqroq vaqt o‘tganda... Oh!.. Jonsizlangan oyoqlarim meni teskari tomon sudrab borardi-yu, qalbim, vujudim siz sari intilishini qo‘ymasdi. 
 Qaniydi, andisha tuyg‘usi ruhimni qafasga solmagan bo‘lsa-yu, ko‘ksimni yorib chiqish uchun betoqat talpinayotgan yuragimni oyog‘ingiz ostiga qizil loladek poyandoz qilsam. Afsus, shu qadar baxtsizmanki, tuyg‘umni birovlarga bildirish u yoqda tursin, hatto o‘zingizga izhor qilishdan ham mahrumman.
 Siz esa... Siz esa beparvogina yurib keldingiz, ha, murda kabi qotib qolgan tanam oldidan hatto bir qiyo boqmay o‘tib ketdingiz..
 Ey, xudo! Qachongacha chidayman? Qachongacha hijron atalmish bemehr jallod sovuq pichog‘ini tomog‘imga tirab jonimni oladi? Qachongacha yongan yuragimni noumidlik ko‘zyoshlarida cho‘miltiraman?
Bugun sizni yana uchratdim. Unutayozgan, ko‘rishdan umid uzayotgan bir paytim yo‘liqdingiz. Bu nima? Baxtmi, baxtsizlik? Nima bo‘lsa bo‘lmaydimi?! Muhimi, bugun diydoringiz nasib qildi. 
 

So‘nggi maktub


O, Muhabbat! Sen mening hayotimga juda kech kirib kelding. Shu qadar kechki, bu haqda hatto o‘ylashning o‘zi ham noo‘rin tuyuladi. Chindan dil saroyim eshigidan bemavrid mo‘ralading. Saroy egasidan so‘rab ham o‘tirmading, bemalol kirib kelaverding. Faqat kirib keldinggina emas, uni butunlay egallab, yagona xoqonu sulton bo‘lib olding. 
O, muhabbat! Seni kimlar qanday ta’rif qilmagan? Bevafo ham deyishdi, vafoli ham. Yolg‘on ham deyishdi, shayton ham. Senga ma’bud kabi sig‘inganlar, sen uchun jondan kechganlar ham bo‘ldi. Sen bevafo deganlarning o‘zlari yolg‘on, shayton deganlarning o‘zlari shayton ekanliklarini isbotlab yashayverding. Seni deb jondan kechganlarga jon baxsh etding. Mahbub deb bilganlarga mehr berding. G’olib oshig‘u ma’shuqqa dunyo jamolini ko‘rsatding.
Seni, kimlar nima deb atamasin, dunyoda yagonasan. Sen, nihoyat, meni ham borligingga ishontirding. 
 Yagonam! Samimiy tuyg‘ularimni oshkora aylab, muhabbat qudrati va sehri haqida fikr yuritish orqali sizga murojaat qila boshlaganimga hayron bo‘lmang. Chunki men o‘zimni mehringizdan ayro tasavvur qila olmayman. Dilimni muhabbat ishg‘ol qilgan kuni asli siz kirdingiz. Yoki, aksincha, hayotimdan siz o‘rin egallagan ondan boshlab muhabbat jonimga hamroh bo‘ldimi? Bilmadim, bilmadim. Anig‘i shuki, endi faqatgina sizni deb nafas olaman. Sizni deb yashayman. Sizni deb kulaman. Sizni deb yig‘layman. Siz esa bu dunyoda yodingiz bilangina tiriklik nafasini sezib turgan ayol borligini bilmaysiz. Bu – menga alam qiladi, judayam kayg‘uli! Ba’zan yoningizga borgim, ko‘ksingizga bosh qo‘yib dardlarimni aytib-aytib yig‘lagim keladi. Ammo bu faqat xayol. Bunday og‘ir daqiqalarda xudodan o‘zimga o‘lim tilayman.
 Alvido, so‘ngsiz azoblar! Sizga ham alvido, ey ushalmas orzular, og‘riqli armonlar!
 Tamom, hammasi tamom bo‘ldi. 
 Aziz o‘quvchim! Siz bilan shu yerda xayrlashsak ham bo‘laverar edi. Lekin hikoyaga nuqta qo‘ydim-u, baribir, nimadandir ko‘nglim to‘lmayotganini sezdim. Ancha kun boshim gangib yurdim. Oxiri o‘sha yetishmayotgan narsa nima ekanini topdim. Maktub egasi vafot etganini eshitgan edim. Shunday ekan, ota-onasiz qolgan farzandlarning keyingi hayotini bilmagunimcha ko‘nglim qanday tinchisin. Muhabbat opa (xudo rahmatiga olsin) hovlisini so‘rab-so‘rab topib bordim. Ostonada meni kutib olgan chiroylikkina, kelishgan kelinchak katta o‘g‘ilning xotini bo‘lib chiqdi. Opa yagona qizini ham turmushga bergan ekan. Kenja o‘g‘ilni esa akasi uylabdi.
 Yoshlar tinch-totuv yashab yurishgani ko‘nglimni o‘stirdi. Ular muhabbat nuridan bahramand ekaniga ishonib, ruhim ko‘tarilib qaytdim...

Категория: Maqolalar | Добавил: Qahramon (06-Сен-2014)
Просмотров: 957 | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]