TAQDIR HUKMI

TAQDIR HUKMI

Gulmira beshikni asta tebratarkan, alla aytishga tutindi:
Alla aytay, jonim bolam,
Uxlab qolgin alla.
Uzun tunlar orom olib
Katta bo’lgin alla...

Go’dak beshikning bir maromda tebranishidanmi yo alla sehridanmi yig’ini bas qilib ko’zlarini yumdi. Shu dam ikki eshik narida yangragan karnay-surnaylarning ovozi allaga qorishib ketdi. Gulmira derazadan u tomonga bo’ylarkan, allasidan adashdi. «Qanday baxt- li-a?» dedi Gulmira o’ziga o’zi gapirib. U o’sha damda qo’shni qizga havas qildimi yo hasadmi o’zi ham bilmadi. Bilgani buvisining «Qiz bola palaxmon toshi, qaerga tushsa o’sha yer uning makoni» degani bo’ldi. Qo’shni qiz falakning gardishi bilan Buxoroi sharifga kelin bo’lib ketayapti. Karnay-surnay yanada avj oldi. Kelin o’tirgan mashina joyidan qo’zg’aldi. Shu dam beixtiyor Gulmiraning ham ko’ziga yosh keldi. Lekin tezda o’zini qo’lga olib yuz-ko’zini artdi-da, shirin uxlab yotgan o’g’ilchasining yuzidan o’parkan «o’zingga shukr. Olloh, o’zingga shukr», dedi. Gulmira baxtini topdi, lekin kech, juda kech.
O’shanda u endigina oliygohga o’qishga kirgandi. Bir dugonasining to’yiga bordi-yu, hayoti birdaniga o’zgardi. To’yda xizmat qilib yurgan bir ayol uni ko’rib chippa yopishdi qoldi. o’tirsa ham, tursa ham yonidan ketay demasdi. Ikki gapining birida «Men sizday kelinim bo’lishini orzulardim. Ollohga shukr, o’zi ko’rsatdi sizni. Dugonangiz bilan bir joyda yashasanglar yomonmi?» derdi. Gulmira undan zada bo’lib ketdi. Lekin begona joy, begona odamlar, bir nima deyishga botinolmadi.
To’y tugagach, u uyiga shoshildi. Ayoldan qutulganiga ming bora shukr qilgandi. Afsus o’ylagani bo’lmadi. Ertalab turganida qo’shni xonadan begona ayolning ovozi eshitildi.
- Voy aylanay, singlim o’qishi qolib ketarmidi. Nechta kelinlarni ko’rayapman, eri o’qitayapti. Qizingiz ham shularning bittasida o’rgilay.
Gulmira bu gapdan toshdek qotdi. Tushimi, o’ngimi? Bu axir kechagi ayol-ku. Uni izlab kelibdi-da.
- Shunday deysiz-u, opa, kelin xizmat qilmay uyga kirib kitob o’qib o’tirsa yaxshi emas-da.
Gulmira onasining gapidan sal joniga oro kirib jonlandi.
- Temirni qizig’ida bos, deb bejiz aytishmaydi. Qizingiz o’qishini bitirib tekkunicha u tengilar qolmaydi hisob.
Ayol u dedi, onasi bu. Xullas Nigora opa ko’nmadi. Nigora opa shu bilan yopig’liq qozon yopig’ligicha qoladi, deb o’ylagandi. Afsus, ayol eshikdan ham, teshikdan ham kelaverib uning holi-joniga qo’ymadi. Oxir-oqibat onasi qiz bilan yigit uchrashib ko’rishsin, dedi. Ular uchrashdi ham. Qaddi qomati kelishgan yigit Gulmiraga ham yoqqanday bo’ldi. To’y kuni belgilandi.
Bo’lg’usi qaynona «Arizamiz kechroq yozilgan ekan, shunga ZAGS bo’limidagilar nikohdan o’tkazishga ko’nishmadi. To’ydan so’ng ikki yosh o’zlari o’tib kelishaveradi», degan bahona bilan nikoh qildirmadi. To’y kuni to’yxonadagilar kelin tomondan kelgan mehmonlarga «Qizni so’rab-surishtirib berayapsizlarmi yo u ham nogironmi?», deb so’rayverishgach, yangalar shoshib qolishdi. Lekin to’y ustida bir nima deyishga hamma hayron.
Kelin chimildiqda o’zga bir yigitni ko’rdi-yu, dovdirab qoldi. Tunov kuni ko’rgan yigit qani? Bu kim bo’ldi? o’zi aslida kuyov kim? Bu azobli savollarga javob berguvchi hech kim yo’q. Mehmonlar bilmayman, deganday yelka qisishadi. o’sha paytdan boshlab janjal-to’polon boshlandi. Onasi sho’rlik qizimni olib ketaman, deydi. Quda ayol yuz-ko’zini yulib, men to’yga falon ming so’m sarflaganman, to’laysan, deydi. Umarali aka ham boshini changallab qoldi. Bir kun bo’lmasdan qizini uyiga olib kelsa, mahalla-ko’y oldida nima degan odam bo’ladi. Qizi o’sha yerda qolib ketsa holi nima kechadi? Xotinining ko’z yoshlaridan u battar tutoqadi. Bor alamini undan oladi:
- Mundoq bir borib mahalla-ko’ydan so’rab-surishtirsang o’larmiding? Endi ayyuhannos solganing bilan foydasi bormidi? Gulmira kelmaydi. o’sha yerda yashaydi.
Ota so’zi hukm. Hech kim uning gapini qayirib tashlolmadi.
Gulmira kelin bo’lib yayramadi. Dardlashadigan, joniga malham bo’ladigan hech kim yo’q. Uch oyni do’zaxda yashaganday o’tkazdi. Cho’pday ozib ketdi. Eri ruhiy xastalar ro’yxatida turarkan. Ba’zida tuppa-tuzuk odamday muomala qilsa, bir zumda o’zgarib qolardi. Baqirib-chaqirib hamma yoqni ostin-ustun qilib tashlar, keyin xoxolab kulardi. Gulmira ichiga sola-sola yotib qoldi. Otasi shundan so’ng qizini butkul uyga olib ketdi. U ketgach kuyov kechqurun onasidan so’rabdi:
- Buvi, biznikida yurgan begona qiz yo’qolib qoptimi?
o’sha-o’sha Gulmiraning erkaklardan ko’ngli sovidi. Eshikdan sovchi kirib kelsa yuragi bezillaydi. U o’qishni tamomladi, ishga joylashdi hamki, oila qurishga yuragi betlamasdi. Kunlarning birida shifoxonaga bir erkakni behush holda olib kelishdi. Gulmira yigitning hayotga qaytarish uchun yelib yugurdi. Uning hayotini saqlab qoldi. Keyinchalik o’sha erkak haloskoriga uylanishga qaror qildi. Hozirda ularning bir o’g’li bor.
- Mashhurbek, Mashhurbek.
Gulmira erining ovozidan cho’chib ketdi. Eriga peshvoz chiqarkan, o’g’li ham otasining kelganini bilganday yig’lay boshladi. Eri kelgach go’yo u bilan uyga nur fayz-baraka kirib kelganday bo’ldi.

Категория: Hikoyalar | Добавил: Qahramon (06-Сен-2014)
Просмотров: 1229 | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]