“RITA”NING YURISHLARI Insoniyat tarixi ne-ne urushlarni ko‘rmadi, deysiz. Suronli janglar, qonli to‘qnashuvlarga bas kelish, ularga barham berish mumkindir, biroq tabiat isyonlariga qarshi chora bormikan?
«Rita»ning kelib chiqishi ham boshqa «qarindoshlari» kabi Antil orollaridan sharqqa tomon tropik Atlantikaga borib taqaladi. Dastavval, «Rita» tropik dovul ko‘rinishida 17-18 sentyabr kunlari namoyon bo‘la boshlagan. 19 sentyabr, dushanba kuni esa Janubiy Florida, Bagama va Kubada to‘fon xavfi e’lon qilindi. Bu vaqtga kelib, kichkinagina «Rita» birinchi darajali dovul tusini oldi. O‘sha kuni jahon bozorlarida neft narxi birdaniga 4 dollarga oshib, bir barrel neft 67,4 dollarni tashkil qildi.
Chorshanba kuni «Rita» to‘rtinchi darajadagi xavfli ko‘rinishni oldi. Shamol tezligi sekundiga 60 metrga o‘zgardi. Milliy xavfsizlik bo‘limi boshlig‘i Maykl Chertoff aholini hukumat buyrug‘iga bo‘ysunishga undayotgan bir paytda Prezident Bush Texas gubernatori Rik Perri bilan maslahatlashayotgan edi. Shu bilan birga AQSh hukumati Rossiyaga aviatsiyadan iborat texnik yordam so‘rab murojaat qildi. Aholini zudlik bilan evakuatsiya qilish Chertoff boshchiligida olib borildi. Reja bo‘yicha Xyuston, Galveston va Texasning Korpus — Kristi shaharlaridan 1,3 mln.ga yaqin aholi evakuatsiya qilindi. Yana 20 ming kishi Luiziananing qirg‘oq bo‘yi hududlaridan yuzlab avtobuslarda olib ketildi. Va nihoyat, juma — 23 sentyabrga o‘tar kechasi bedor «Rita» birmuncha tinchib, to‘rtinchi darajaga qaytganligi haqida xabar berildi. Aynan shu ko‘rsatkichda uning kuchi «Katrina» kuchiga tenglashadi... «Rita» 2005 yil to‘fonlar mavsumining 17-tropik dovuli hisoblanadi. 1851 yildan beri tuziladigan reytingda, bu yilgi to‘fonlar to‘rtinchi o‘rinni oldi. 1933 yilda eng ko‘p dovullar qayd etilgan bo‘lib, o‘sha yili 21 ta to‘fon sodir bo‘lgan. To‘fonlar mavsumi noyabr oyi boshigacha davom etishi kuzatiladi. Amerika iqlimshunoslari bu ofatlarni okean usti va tropiklardagi haroratning keskin oshishi bilan izohlamoqdalar. Hozirga kelib Tropik Atlantikaning ustki harorati plyus 30-31 darajani tashkil etadi, bu esa ilmiy me’yordan 1-2 daraja yuqori ko‘rsatkichdir. Bu, o‘z navbatida, atmosferada issiqlik va namlikni juda ko‘p miqdorda to‘plab, shiddatli chaqmoqlar keltirib chiqaradi. Shu kungacha Yer yuzida ko‘plab to‘fonlar bo‘lgan. Agar «Katrina» AQSh uchun talofat keltirgan bo‘lsa, hind okeanidagi «Ada» dovul eng ko‘p o‘lim keltirgan to‘fon hisoblanadi. Bu to‘fon 1970 yilda Banglad yosh qirg‘oqbo‘yi hududlarini suv ostida qoldirib, 300000 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan. Meteorologlarning aytishicha, odatda AQSh to‘fonlari janubiy-sharqiy hududlarni aylanib, yana Atlantikaga qaytib, tin oladi va Yevropaga kichik tsiklonlar ko‘rinishida yetib boradi. Nima bo‘lganda ham Yer yuzi har jihatdan tinch va osoyishta bo‘lsin! Munisa MAHKAMOVA tayyorladi. | |
| |
Просмотров: 902 | |
Всего комментариев: 0 | |