17:50
O‘zbekistondan 261 nafar chet ellik va fuqaroligi yo‘q shaxslar chiqarib yuborildi

20-fevraldan buyon O‘zbekiston ichki ishlar organlari “Tozalash — Aksilterror” keng miqyosli tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazmoqda. “Gazeta.uz”ning “Na postu” gazetasiga asoslanib xabar berishicha, tadbirlarda nafaqat militsiya xodimlari, balki “Mahalla posboni” jamoat tuzilmasi vakillari hamda fuqarolarning o‘z-o‘zini boshqarish organlari faollari ishtirok etmoqda.

O‘tgan oy mobaynida ishchi guruhlar tomonidan turli obyektlar — korxonalar, muassasalar, savdo nuqtalari, ko‘ngilochar muassasalarning 90 foizida tekshiruvlar o‘tkazildi. Tekshiruvlar davomida 143,8 mingdan ortiq ma’muriy qonunbuzilish holatlari aniqlangan bo‘lib, ularning 36,7 mingdan ziyod qismi pasport-viza rejimi buzilishi holatlari bilan bog‘liqdir. 261 nafar chet el fuqarosi hamda fuqaroligi yo‘q shaxslar mamlakat hududida bo‘lish qoidalarini buzganlikda ayblanib, O‘zbekistondan chiqarib yuborildi.

Jamoat joylarida spirtli ichimliklar ichgan 887, giyohvand moddalar iste’mol qilgan 114, ruhiy xastalikka chalingan 306 kishi davolanish muassasalariga yuborildi. Doimiy ish o‘rni va yashash joyiga ega bo‘lmagan 1268 kishi reabilitatsiya markazlariga yo‘llandi. Ota-ona nazoratisiz qolgan 645 nafar voyaga yetmagan shaxs ushbu yosh toifasidagi fuqarolarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlariga jo‘natildi.

Profilaktika inspektorlari rahbarligidagi murabbiylar guruhlari profilaktik hisobdagi 256,5 ming kishi hamda ularning oila a’zolari bilan tarbiyaviy-tushuntirish ishlarini o‘tkazdi.

Boshqa davlatlarga uzoq muddatga chiqib ketgan 75 mingdan ortiq fuqaroning shaxsi aniqlanib, hisobga kiritildi. Chet elda uzoq muddat bo‘lib qaytgan 70 ming kishi bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi, ularni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va ishga joylashtirish borasida choralar ko‘rildi.

Shuningdek, tadbirlar mobaynida jinoyat sodir etganlikda gumon qilinib, qidirilayotgan 808 kishi qo‘lga olindi. Bundan tashqari, mamlakat hududida 2763 jinoyat fosh qilindi.

Respublikada doimiy ishlayotgan 246 nazorat-o‘tkazish punktlari, blokpostlar va chegara zonalarida 939 ming mashina tekshirildi. Tekshiruvlar asnosida 42 kilogramm giyohvand moddalar olib kirilishiga to‘sqinlik qilindi.

Profilaktika maqsadlarida mahalla va qishloqlarda, korxona, tashkilot va muassasalarda 13,8 mingdan ortiq uchrashuvlar va davra suhbatlari o‘tkazilib, ularda fuqarolar ogohlikka chaqirildi.

Категория: O'zbekiston yangiliklari | Просмотров: 849 | Добавил: musicfm | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]