12:37
Adiz Rajabov: Shunchaki shahzoda emas, hasadgo‘y vazir rolini o‘ynagim keladi
Taniqli kinoaktyor Adiz Rajabov intervyu berishdan o‘zini olib qochadigan, o‘zi va hayoti haqidagi ma’lumotlarni ommadan sir saqlaydigan san’atkorlardan. U rejissor Sanjar Shodiyevning “Seni o‘zim boy qilaman” nomli filmida suratga tushdi. Film premyerasi arafasida jurnalist Feruz Muhammad aktyor bilan suhbatda bo‘ldi.
— Nima sababdan deyarli intervyu bermaysiz?
— Ijodda qandaydir yangilik bo‘lsa, intervyu berasiz-da. Har doim bitta gapni takrorlayverish ham yaxshi emas. Har bir aytilayotgan, yozilayotgan so‘zning mas’uliyati bor axir.

— Jurnalistlardan, muxlislardan yashirib yuradigan siringiz, muammolaringiz yo‘q, shundaymi?
— Shunday, qanday muammo bo‘lishi mumkin?!

— Ijodiy tanaffusdan so‘ng aynan “Seni o‘zim boy qilaman” filmida rol ijro etishingizga nima sabab bo‘ldi?
— Bu film mavzusi bugungi kunda suratga olinayotgan kinolardan oz bo‘lsa-da farq qilgani uchun, Sanjar Shodiyevning taklifiga rozi bo‘lganman. Bu mavzuda ko‘pdan beri film suratga olinmagani, g‘oyasi qiziqligi va nisbatan boshqachaligi meni o‘ziga tortgan. Filmda shou-biznes olamidagi bosh qahramonning do‘sti rolini ijro etganman.

— Gap-so‘zlarga ko‘ra, Adiz Rajabov gonorarni katta so‘rashi sabab, filmlarda suratga tushmayapti. Bu fikrlarda jon bormi?
— Bunga bir tomonlama qarab bo‘lmaydi. Ba’zida ssenariy ma’qul bo‘lmaydi, ammo ular gonorarni yaxshi to‘laymiz, deyishadi. Biroq men bu vaziyatda rad javobini berishim mumkin. Sababi, hozir shunday vaqt keldiki, aktyorlar nima bo‘lganda ham rolim tarixda qolsin, yaxshi film sifatida yillar o‘tsa ham tomoshabinini yo‘qotmasin, deb harakat qilyapti. Tengdoshlarimiz qancha gonarar olsa, men ham o‘sha darajada. Filmlarda rol o‘ynamayotganimga gonorar miqdorining hech qanday daxli yo‘q.

— Hozir Siz chin dildan gavdalantirishni xohlayotgan rol, kutayotgan film qaysi?
— Men kutayotgan ikki yo‘nalish bor. Birinchisi, odamlar mazza qilib kulib tomosha qiladigan komediya bo‘lsa deyman. Ikkinchisi, tarixiy film. Tarixiy filmda rol o‘ynash ko‘pchilik aktyorlarning orzusi bo‘lsa kerak. Viloyatlardagi tadbirlarga borganimizda muxlislarning qachon tarixiy film olinadi, degan savollari ham shu fikrga kelishimga sabab bo‘ldi.

— O‘zingizni qaysi tarixiy obrazda ko‘ra olasiz?
— Aniq bir tarixiy shaxsni ayta olmayman, chunki buni rejissorning o‘zi hal qiladi. Ya’ni, u shaxsning tarixda tutgan o‘rni qanday, men uning qiyofasi, yuz tuzilishi, bo‘yi-bastiga to‘g‘ri kelamanmi-yo‘qmi, shu kabi jihatlar bor. Birorta ertak-film bo‘ladimi yoki tarixiy filmmi, buning ahamiyati yo‘q. Muhimi, filmda xarakterli ijrolar bo‘lsa deyman. Shunchaki shahzodalarning rolini ijro qilishning menga qizig‘i yo‘q. Hasadgo‘y vazirmi, xullas, shunga o‘xshash, muhimi — xarakterli, qiziq rol bo‘lishi kerak.

— Rejissor Rustam Sa’diyevning “Er bermoq jon bermoq — 2” filmida ham bosh rolni o‘ynayotgan ekansiz?
— Bu film haqida hali aniq gap ayta olmayman, kinosinov endi yakuniga yetdi, javoblari esa hali chiqqani yo‘q. Nasib qilgan bo‘lsa, bu filmda albatta suratga tushaman.
Категория: Shou-biznes yangiliklari | Просмотров: 952 | Добавил: musicfm | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]